Mavzu: Ranglar jilosida – ona diyor
Shior: “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!
Darsning maqsadi:
Ta`limiy maqsad: “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyati haqida o‘quvchilarga tushuncha berish, “Milliy mafkuramiz bosh g‘oyasi” “Mustaqillik odimlari” mavzulari orqali olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash. Vatanimiz tarixi haqida kengroq bilim berish,
Tarbiyaviy maqsadi: Yangi mavzu orqali o‘quvchilarni iymonli, e’tiqodli, vatanparvar inson qilib tarbiyalash.
Rivojlantiruvchi: o‘quvchilar faolligi, iqtidor va salohiyatini rivojlantirish, 2023 yil — Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili, shuningdek, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” “O‘zbekiston—2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari va “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” tamoyilini ro‘yobga chiqarish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ‘ib etish kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning ma’no-mazmuni va ruhi mujassam etganligini o‘quvchilar ongiga singdirish.
Tayanch kompetensiya elementlari:
Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi: televizor, radio, telefon orqali berilgan xabarlarni gapirib bera olish.
O‘z-o‘zini rivojlantirish kompetensiyasi: kattalarni hurmat qilish, ularning nasihatiga amal qilish, jamoat joylarga o‘zini tuta bilish.
Milliy va umummadaniy kompetensiyasi: milliy bayramlarni, milliy qadriyatlarni, o‘zi yashab turgan tarixiy obidalarni bilish va bir-biridan farqlash.
Dars turi: Bahs munozaralarga asoslangan intellektual o‘yin darsi. Dars “Aqliy hujum” usulida olib boriladi.Darsning jihozi:
Didaktik jihoz: Vatanimiz tarixiga oid rangli suratlar, alloma va buyuk shaxslar portretlari. O‘zbekiston Respublikasi Bayrog‘i, Davlat ramzlari. Mamlakatimizda mustaqillik yillarida barpo etilgan sanoat korxonalari, shahar va qishloqlarda madaniyat, san’at va ta’lim muassasalari tasviri tushirilgan slaydlar.
Texnik jihoz: Proyektor, ekran, kompyuter.
Darsning tuzilishi:
1.Tashkiliy qism:
2.Darsning borishi:
Dars mashg‘uloti o‘qituvchi va o‘quvchilarning o‘zaro salomlashuvidan boshlanib, O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi kuylanadi.
O‘qituvchi: - Qani, bolalar, aytinglarchi, maktabda o‘qish davomida nimalarni o‘rgandingiz?
1-O‘quvchi: - Avvalambor. Vatanni sevishni o‘rgandik.
O‘qituvchi: - Vatan nima o‘zi?
1-O‘quvchi: - Vatan bu insonning kindik qoni to‘kilgan joydir.
2-O‘quvchi: - Vatan bu ota-bobolarimiz yashab o‘tgan muqaddas makondir.
3- O‘quvchi: - Vatan biz tug‘ilib o‘sgan, hayot kechirayotgan diyorimizdir.
O‘qituvchi: - Bugungi mashg‘ulotimizni Vatanimiz tarixiga nazar solishdan boshlasak.
Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o‘zbegim,
Senga tengdosh Pomiru oqsoch Tiyanshon o‘zbegim.
So‘ylasin Afrosiyobu so‘ylasin O‘rxun xati,
Ko‘hna tarix shodasida bitta marjon, o‘zbegim
Bugun yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, ulkan o‘zgarishlarning guvohi bo‘lasiz. Mustaqillik yillarida barpo etilgan muhtasham imoratlar, ravon yo‘llaru ko‘priklar, serfayz bog‘ va hiyobonlar, namunaviy turar-joylar, zamonaviy mahallalar kishi dilini quvnatib, qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytiradi.
(O‘quvchilar Vatanimiz tarixi haqida buyuk ajdodlarimiz to‘g‘risida bilganlarini gapiradilar).
O‘qituvchi: - Demak ona O‘zbekistonimiz juda boy tarixga ega ekan.
Hozirgidek farovon hayotga, mustaqillikka erishish uchun ota –bobolarimiz jonlarini fido qilganlar. Ana shunday buyuk zotlardan biri sohibqiron Amir Temurdir, Jaloliddin Manguberdi, Abulg‘ozi Bahodirhon singari buyuk bobolarimizning hayoti biz uchun ibratlidir.
Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ibn Sino, Imom at-Termiziy, al-Buxoriy, al Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk insonlar fan va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shganlar.
Sizlar jahon tan olgan shunday buyuk insonlar nabiralarisiz!
Biz juda baxtlimiz. Chunki bobolarimiz orzu qilgan zamonda yashash bizu sizga nasib qildi.
1991-yil 31-avgustda O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishdi.
Dunyo xaritasin naqshi turfa rang,
Davralarda o‘rni to‘rda, muhtaram.
Navqiron va azim, gozal mukarram.
Yangi O‘zbekistoni bordir o‘zbekning
Shundan so‘ng to‘g‘ri javobni top o‘yini o‘tkaziladi.
Bunda o‘quvchilarga test savollari tarqatiladi.
1. O‘zbekiston qachon mustaqillikka erishdi?
a) 1990-yil 31-avgustda
b) 1991-yil 31-avgustda
c) 1992-yil 7-noyabrda
2. O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qachon qabul qilindi?
a) 1991-yil 5-mayda
b) 1992-yil 18-noyabrda
c) 1991-yil 18-noyabrda
3. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qachon qabul qilingan?
a) 1992-yil 8-dekabrda
b) 1991-yil 18-noyabrda
c) 1990-yil 10-noyabrda
Shunga o‘xshagan savollardan tuzilgan testlar olingach o‘ziga xos suhbat uyushtiriladi.
O‘qituvchi: - Bolalar, mustaqillikka erishganimizga necha yil bo‘ldi?
O‘quvchilar: - 32 yil
O‘quvchlar: - Mana mustaqillikka erishganimizga 32 yil bo‘ldi.
32 yilning sarhadlari keng bo‘ldi.
Har bir yil asrlarga teng bo‘ldi.
Ona xalqim mo‘jizalar yaratding.
O‘g‘ling yoki qizing senga yor bo‘ldi
O‘qituvchi- bugun yurtimiz ozod, erkin, mustaqil, uning o‘z doni, o‘z nefti, o‘z gazi, o‘z mashinasi, o‘z paxtasi, o‘z oltini bor. Jahonda o‘z o‘rniga yuksak obro‘ va o‘z ovoziga ega.
1-o‘quvchi: Tong bilan yangraydi madhiyam,
Porlaydi charog‘on quyoshim.
Dil ko‘rkam, yurt ko‘rkam,
Karvoning boshlayver yurtboshim.
Prezidentimiz raisligida 2019-yil19-mart kuni o‘tkazilgan yoshlarni ma’naviyatini yuksaltirish va ularni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda 5 ta muhim tashabbusni belgilab berdi.
Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Ikkinchi tashabbus yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyish qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.
Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
To‘rtinchi tashabbus yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutadi.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, tub islohot jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarish, inson huquq va manfaatlari, uning qadri, sha’ni va g‘ururini yetakchi o‘ringa olib chiqish ustuvor vazifamizga aylangan hozirgi vaqtda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, davlatimizning hududiy yaxlitligi va bo‘linmasligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashga intilish ko‘p millatli xalqimizni yanada birlashtiradigan, yuksak marralarga safarbar etadigan beqiyos kuchga aylanib bormoqda. Respublikamizda ta’lim tizimining rivojlanishi shiddat bilan o‘sib bormoqda. Mustaqillikdan avvalgi an’anaviy darslar o‘rnini noan’anaviy tarzdagi kompetensiyaviy talimga asoslangan darslar egallayotganligi, ta’lim tizimini tubdan isloh qilinayotganligi, o‘qituvchi maoshi va obro‘sini yuksaltirishdagi prezidentimizning olib borayotgan oqilona siyosatlari to‘g‘risida suhbat uyushtiriladi va o‘quvchilarni o‘qituvchilik kasbini egallashiga yo‘naltiriladi.
Muloqot jarayonida o‘quvchilarni istiqlolga erishganimizdan keyin yurtimizdagi buyuk o‘zgarishlar, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida olib boriladigan ishlar haqida suhbat, baxs munozara tashkil etiladi. O‘qituvchi o‘quvchilar fikrini umumlashtirib hulosalaydi.O‘qituvchi: Aziz bolalar buyuk maqsadni ko‘zlab ya`ni ozod va obod Vatan qurmoq mustaqillikni ko‘z qorachig‘imizdek asramoq kabi maqsadni dilga jo qilib yillar sarxadi osha dadil qadam tashlab ketayotgan karvonimizga munosib bo‘lish uchun sizlar a`lo o‘qishlaringiz, Vatanni sevishlaringiz va jismonan barkamol inson bo‘lib yetishmog‘ingiz lozim. Chunki vatanimizning kelajagi sizlarning qo‘lingizdadir.
Dars o‘quvchilarning Vatan, vatanparvarlik, istiqlol haqidagi she’r, ashulla va maqollarni aytishi bilan yakunlanadi.